Bolalar eshitish moslamalari haqida ota-onalarning olti savoli
Bolaga moslama necha yoshdan kerak, u eshitishga zarar qilmaydimi, uni doim taqish shartmi? Ota-onalarning olti savoliga sodda javoblar.

Bolaga moslama necha yoshdan kerak, u eshitishga zarar qilmaydimi, uni doim taqish shartmi? Ota-onalarning olti savoliga sodda javoblar.
Bolasida eshitish pasayishi aniqlangan ota-onalarda koʻp savol tugʻiladi. Qabulda eng koʻp beriladigan oltitasiga javob beramiz. Har bir bolaning holati oʻziga xos, shuning uchun aniq tavsiyani bolangizni koʻrgan mutaxassis beradi.
1. Bolaga moslama taqish shartmi va necha yoshdan?
Agar bolada doimiy eshitish pasayishi aniqlangan va shifokor moslama tavsiya etgan boʻlsa, uni imkon qadar erta boshlash kerak. Moslamani hayotning dastlabki oylaridan taqish mumkin.
Sababi: bola nutqni eshitib oʻrganadi. Miya tovushlarni qancha erta va toʻliq eshitsa, nutq shuncha tabiiy rivojlanadi.
2. Moslama eshitishni yomonlashtirib qoʻymaydimi?
Toʻgʻri tanlangan va mutaxassis sozlagan moslama eshitishni yomonlashtirmaydi. Zamonaviy bolalar moslamalari bolaning eshitishiga aniq moslab sozlanadi va juda baland tovushlarni cheklaydi.
Xavf boshqa joyda: oʻzboshimchalik bilan olingan, sozlanmagan kuchaytirgichlar bolaga toʻgʻri kelmasligi mumkin. Shuning uchun moslamani faqat mutaxassis tanlaydi.
3. Vaqt oʻtishi bilan eshitish oʻzi yaxshilanishi mumkinmi?
Bu pasayishning turiga bogʻliq.
- Tovush oʻtishi buzilgan boʻlsa (masalan, quloq kiri tiqini, otit yoki oʻrta quloqdagi suyuqlik sabab), eshitish koʻpincha davolashdan keyin tiklanadi.
- Ichki quloq yoki eshitish nervi bilan bogʻliq pasayish odatda doimiy boʻladi va oʻz-oʻzidan tiklanmaydi.
Bolangizda qaysi tur ekanini shifokor tekshiruvdan keyin aytadi.
4. Moslamani faqat maktabda yoki mashgʻulotda taqsa yetmaydimi?
Yetmaydi. Buni tushunish uchun kichik tajriba qiling: quloqlaringizni barmoq bilan mahkam berkitib, suhbatga quloq soling. Soʻzlar eshitiladi, lekin noaniq, maʼnosini ilgʻash uchun zoʻriqasiz. Yengil eshitish pasayishi boʻlgan bola kun boʻyi taxminan shunday eshitadi.
Bola soʻzlarni faqat darsda emas, uydagi suhbatlardan, oʻyindan, koʻchadan ham oʻrganadi. Moslama eshitishni davolamaydi, u yetishmayotgan tovushlarni toʻldiradi. Miyaga esa bu tovushlar doim kerak. Shuning uchun moslama bola uygʻoq boʻlgan vaqt davomida taqiladi.
5. Ikkita moslama kerakmi?
Ikkala quloqda ham eshitish pasaygan boʻlsa, odatda ha. Ikki quloq bilan eshitish shovqinda nutqni tushunish va tovush qayerdan kelayotganini bilish uchun kerak.
6. Bolaga koʻrinmas moslama tanlasa boʻladimi?
Kichik bolalarga quloq orqasi modellari tavsiya etiladi. Sabablari:
- xavfsizlik: ularni yutib yuborib boʻlmaydi, batareya boʻlimi qulflanadi;
- bolaning qulogʻi oʻsadi, quloq ichi moslamasini tez-tez qayta yasashga toʻgʻri kelardi;
- quloq orqasi modellarining sozlash imkoniyati kengroq.
Bola ulgʻaygach, boshqa shakllarni mutaxassis bilan muhokama qilish mumkin.
Vaqtni oladigan gaplar
"Katta boʻlsa oʻtib ketadi", "oʻziga kerak narsani eshitadi", "oʻzi shunaqa bola", "bizning oilada hamma kech gapirgan". Bunday gaplar ota-onani tinchlantiradi, lekin tekshiruvni kechiktiradi. Shubhangiz boʻlsa, eng toʻgʻri yoʻl bolaning eshitishini tekshirtirishdir.
Savol-javob
Bola moslamaga qancha vaqtda oʻrganadi?
Har bir bolada turlicha, odatda bir necha hafta ichida. Kichkintoylar koʻpincha kattalardan tezroq koʻnikadi.
Uxlayotganda moslamani yechish kerakmi?
Ha. Uyqu va choʻmilish paytida moslama yechiladi.
Bola moslamadan uyalsa nima qilish kerak?
Rangini oʻzi tanlasin va nima uchun kerakligini sodda tilda tushuntiring. Bogʻcha yoki maktabdagi tarbiyachi bilan ham gaplashib qoʻygan maʼqul.
Moslamani qanchalik tez-tez sozlatish kerak?
Buni mutaxassis belgilaydi. Bola oʻsgani sari sozlamalar va quloq qolipi yangilab turiladi.
Bolangiz uchun maslahatga yozilish: 1385.
Shuningdek oʻqing
Maslahat uchun yozilish
Bizning mutaxassislarimiz barcha savollaringizga javob berishga va eshitishingiz uchun eng yaxshi yechimni topishga tayyor.


