Eshitish moslamasiga moslashish: birinchi haftalar va maslahatlar
Yangi eshitish moslamasiga koʻnikish qancha vaqt oladi? Birinchi kunlar va haftalar uchun maslahatlar, nima odatiy va qachon mutaxassisga borish kerak.

Yangi eshitish moslamasiga koʻnikish qancha vaqt oladi? Birinchi kunlar va haftalar uchun maslahatlar, nima odatiy va qachon mutaxassisga borish kerak.

Eshitish moslamasini birinchi marta taqqaningizda tovushlar gʻayrioddiy eshitilishi mumkin. Bu odatiy hol. Ilgari eshitilmay qolgan tovushlar qaytib keladi: soat chiqillashi, muzlatgich guvillashi, qadam tovushlari, koʻchadagi mashinalar. Boshida ularning hammasi birdan koʻp va baland tuyuladi.
Nega koʻnikish uchun vaqt kerak
Koʻpchilik eshitishi pasayganini sezganidan keyin mutaxassisga bir necha yil oʻtib keladi. Shu vaqt ichida miya koʻp tovushlarni "unutadi". Ular qaytgach, miya ularni qayta tanib olishni va keraksizlarini saralashni oʻrganadi.
Koʻzoynakka bir necha daqiqada oʻrganish mumkin, eshitish moslamasiga esa vaqt kerak. Koʻpchilik bir necha hafta ichida aniq farqni sezadi, toʻliq koʻnikish esa bir necha oy olishi mumkin, ayniqsa bu birinchi moslamangiz boʻlsa.
Birinchi kunlar
- Uydan boshlang. Tinch va tanish muhit koʻnikishni osonlashtiradi.
- Vaqtni asta-sekin oshiring. Dastlab kuniga bir necha soat taqing va har kuni vaqtni uzaytirib boring. Charchasangiz, tanaffus qiling.
- Tovushlarni tanib oling. Uyda eshitilgan har bir tovushning manbasini toping.
- Yaqinlaringiz bilan gaplashing. Tanish ovozlar miyaga tezroq moslashishda yordam beradi.
Birinchi hafta uchun taxminiy reja
| Kunlar | Kuniga qancha | Qayerda |
|---|---|---|
| 1–2-kun | 2–3 soat | Uyda, tinch muhitda, bir kishi bilan suhbatda |
| 3–4-kun | 4–5 soat | Uyda va qisqa suhbatlarda |
| 5–7-kun | 6–8 soat | Biroz shovqinli joylarda ham |
Bu reja taxminiy. Mutaxassis sizga boshqa tartibni tavsiya qilgan boʻlsa, unga amal qiling.
Birinchi haftalar

- Mashq qiling. Audiokitob tinglang, ovoz chiqarib oʻqing, telefonda gaplashing.
- Muhitni asta murakkablashtiring. Uydan keyin koʻcha, doʻkon, keyin esa koʻpchilik yigʻiladigan joylarga oʻting. Toʻy va bozor kabi shovqinli joylar eng oxirida.
- Moslamani kun boʻyi taqishga oʻting. Maqsad uni ertalabdan kechgacha taqish. Faqat "kerak boʻlganda" taqilgan moslamaga miya koʻnika olmaydi.
- Kuzatganlaringizni yozib boring. Qaysi vaziyatda qiyin boʻlganini qabulda aytasiz.
Ikkinchi va uchinchi haftada nimalar oʻzgaradi
- suhbatlar aniqroq eshitiladi;
- telefonda gaplashish osonlashadi;
- tovush qayerdan kelayotganini bilish yengillashadi;
- televizor ovozini pasaytirasiz;
- shovqinli joyda gapni tushunish yaxshilanadi.
Qayta sozlash odatiy hol
Moslama birinchi kuni toʻliq quvvatda sozlanmasligi mumkin, mutaxassis tovushni bosqichma-bosqich oshiradi. Shuning uchun dastlabki haftalarda qayta kelish kerak boʻladi. Qabulda nima noqulay boʻlganini aytib bering, sozlamalar shunga qarab oʻzgartiriladi.
Acoustic'dan olingan moslama kafolat davomida bepul sozlanadi, buni istalgan filialimizda qilish mumkin.
Nima odatiy, nima yoʻq
Odatiy holatlar, ular vaqt oʻtishi bilan kamayadi:
- kun oxirida charchoq;
- mayda tovushlarning baland tuyulishi;
- oʻz ovozingizning boshqacha eshitilishi;
- quloqda begona narsa borligini sezish.
Mutaxassisga aytish kerak boʻlgan holatlar:
- quloqda ogʻriq yoki ishqalanish;
- moslamaning tez-tez hushtak chalishi;
- tovushlarning ogʻriqli darajada balandligi;
- nutq bir necha haftadan keyin ham noaniq eshitilishi.
Bunday hollarda moslamani tashlab qoʻymang. Koʻpincha masala qayta sozlash yoki uchlikni almashtirish bilan hal boʻladi.
Koʻp uchraydigan uch qiyinchilik
"Moslamani yechib tashlagim kelyapti." Taqmay qoʻymang, mutaxassisga ayting. Koʻpincha kichik sozlash bilan noqulaylik yoʻqoladi. Moslamani ahyon-ahyonda taqish koʻnikishni choʻzadi.
"Shovqinli joyda boshim ogʻriyapti." Dastlabki haftalarda bu uchrab turadi. Tinch joylardan boshlang. Moslamadagi shovqinni kamaytirish funksiyasini mutaxassis sozlab beradi.
"Oʻz ovozim aks sado berayotgandek." Sabab koʻpincha uchlik yoki quloq qolipi quloqqa toʻliq mos tushmaganida boʻladi. Mutaxassis uni almashtiradi yoki sozlamani oʻzgartiradi.
Moslamani parvarish qilish
- har kuni quruq mato bilan arting, quloq kiridan tozalang;
- namdan asrang, kechasi quritish idishiga yoki zaryadlovchiga qoʻying;
- suv va kuchli issiqdan saqlang;
- mutaxassisga muntazam koʻrsatib turing.
Yaqinlar qanday yordam beradi
Sabrli boʻlish, yuzma-yuz va aniq gapirish, birga mashq qilish katta yordam. Yaqiningiz qabulga siz bilan birga kelsa, mutaxassis tushuntirgan narsalarni eslab qolish osonroq boʻladi.
Nimani kutish toʻgʻri boʻladi
Eshitish moslamasi eshitishni avvalgi holiga qaytarmaydi. Lekin u nutq va kundalik tovushlarni eshitishni ancha yengillashtirishi mumkin. Natija har bir insonning eshitish holatiga, moslamani qanchalik muntazam taqishiga va sabriga bogʻliq.
Savol-javob
Moslamaga qancha vaqtda koʻnikaman?
Odatda bir necha kundan bir necha haftagacha. Bu yoshga, eshitish holatiga va moslamani qanchalik muntazam taqishingizga bogʻliq.
Birinchi kunlarda charchash odatiymi?
Ha. Miya koʻp yangi tovushni qayta ishlaydi. Vaqtni asta-sekin oshiring.
Oʻz ovozim gʻalati eshitilyapti. Bu oʻtadimi?
Koʻp hollarda bir necha kun yoki hafta ichida oʻtadi. Oʻtmasa, mutaxassisga ayting, sozlash yordam beradi.
Moslamani kechasi ham taqish kerakmi?
Yoʻq. Uxlashdan oldin uni yechib, quruq joyga yoki zaryadlovchiga qoʻying.
Moslamangizni qayta sozlatish uchun 1385 raqami orqali qabulga yoziling.
Shuningdek oʻqing
Maslahat uchun yozilish
Bizning mutaxassislarimiz barcha savollaringizga javob berishga va eshitishingiz uchun eng yaxshi yechimni topishga tayyor.


