Asosiy mazmunga oʻtish
Dushanba–Juma 09:00–18:00 · Shanba 10:00–17:00
1385
Maqolalarga qaytish
Quloqda shovqin — tinnitus📄 Maqola

Quloqdagi shovqinni davolash mumkinmi?

Quloqdagi shovqinni butunlay yoʻqotadigan dori yoʻq, lekin uni yengillashtirish usullari bor: eshitishni yaxshilash, tovush terapiyasi, psixoterapiya.

Ayol uyda sokin musiqa tinglab dam olmoqda

Quloqdagi shovqinni butunlay yoʻqotadigan dori yoʻq, lekin uni yengillashtirish usullari bor: eshitishni yaxshilash, tovush terapiyasi, psixoterapiya.

Quloqdagi shovqinning (tinnitusning) asl sababi koʻp hollarda nomaʼlum qoladi. Shu sababli uni butunlay va bir umrga yoʻqotadigan usul hozircha yoʻq. Lekin shovqinni kamroq sezishga va uning kundalik hayotga taʼsirini kamaytirishga yordam beradigan yoʻllar bor. Qaysi biri sizga mos kelishini shifokor tekshiruvdan keyin aytadi.

Dori bilan davolash

Tinnitusning oʻzini yoʻqotadigan dori mavjud emas. Shifokor dori-darmonni faqat ayrim hollarda tayinlaydi:

  • shovqin eshitishning toʻsatdan pasayishi bilan birga boshlangan boʻlsa;
  • shovqin tushkunlik yoki boshqa ruhiy holatlar bilan birga kechayotgan boʻlsa.

Eshitish toʻsatdan pasaysa, vaqt juda muhim. Shifokorga birinchi kunlardayoq, imkon boʻlsa birinchi soatlardayoq murojaat qilish kerak.

Dorini oʻzingizcha tanlash mumkin emas. Har bir dorining qarshi koʻrsatmalari va nojoʻya taʼsirlari bor, uni faqat shifokor belgilaydi.

Eshitishni yaxshilash

Tinnitus deyarli har doim eshitish pasayishi bilan bogʻliq boʻlgani uchun ishni aynan shundan boshlash kerak. Eshitish pasaygan boʻlsa, toʻgʻri sozlangan eshitish moslamasi koʻp hollarda shovqinni ancha kamroq sezishga yordam beradi. Natija har bir insonning eshitish holatiga bogʻliq.

Tovush terapiyasi

Eshitish meʼyorda boʻlsa yoki moslama yetarli yordam bermasa, tovush terapiyasi qoʻllanishi mumkin. Bunda shovqinni yengilroq qabul qilish uchun turli tovushlardan foydalaniladi. U uch xil yoʻl bilan taʼsir qiladi:

  1. Niqoblash. Yoqimli tovush shovqinni toʻliq yoki qisman yopib turadi.
  2. Chalgʻitish. Eʼtibor boshqa tovushga qaratilganda shovqin kamroq seziladi.
  3. Koʻnikish. Miya asta-sekin shovqinni xavfsiz va ahamiyatsiz tovush sifatida qabul qilishni oʻrganadi.

Koʻpincha oq shovqin yoki unga yaqin tabiat tovushlari, masalan, dengiz yoki sharshara ovozi ishlatiladi. Zamonaviy eshitish moslamalarining ayrimlarida shunday tovushlarni chiqaradigan funksiya bor, uni mutaxassis kerak boʻlsa yoqib beradi.

Shuni ham aytish kerak: tovush terapiyasining samarasi hali yetarlicha isbotlanmagan va uni hamma mutaxassislar ham tavsiya qilavermaydi.

Psixoterapiya usullari

Tinnitusda samarasi eng yaxshi oʻrganilgan usul kognitiv-xulq terapiyasidir. Uning mohiyati shunday: inson shovqinni sezgach, koʻpincha "menda ogʻir kasallik bor" deb oʻylaydi. Bu xavotirni kuchaytiradi va foydasiz odatlarga olib keladi: sukunatdan qochish, keraksiz tekshiruvlar, shifokor tayinlamagan dorilar. Terapiya davomida inson mutaxassis bilan birga shunday fikr va odatlarni aniqlaydi hamda shovqinga xotirjamroq munosabatda boʻlishni oʻrganadi. Natijada shovqin kamroq bezovta qiladi.

Diqqatni boshqarishga oʻrgatadigan mashgʻulotlar, boʻshashish mashqlari va yoga ham foydali boʻlishi mumkin, chunki ular eʼtiborni shovqindan boshqa narsaga qaratishni mashq qildiradi.

Samarasi isbotlanmagan usullar

Miyani magnit yoki elektr toki bilan ragʻbatlantirish, igna bilan davolash va shunga oʻxshash noanʼanaviy usullarning tinnitusdagi samarasi isbotlanmagan. Shuning uchun ular tavsiya etilmaydi.

Nimadan boshlash kerak

Har bir holat alohida, shuning uchun yoʻl tanlashdan oldin toʻliq tekshiruvdan oʻtish kerak. Tashxis va davolash masalasida LOR shifokor yoki surdologga murojaat qiling. Acoustic'da ularning qabuli Sebzor, Yakkasaroy, Navoiy va Termiz filiallarida bor, eshitishni esa barcha filiallarda tekshirtirish mumkin.

Savol-javob

Tinnitusni butunlay yoʻqotsa boʻladimi?

Yoʻq, hozircha uni butunlay yoʻqotadigan usul yoʻq. Lekin koʻp hollarda shovqinni kamroq sezishga erishish mumkin.

Eshitish moslamasi shovqinga yordam beradimi?

Eshitish pasaygan boʻlsa, koʻp hollarda yordam beradi. Natija har kimda har xil, uni mutaxassis tekshiruvdan keyin baholaydi.

Tinnitusga qarshi dori bormi?

Yoʻq, shovqinning oʻzini yoʻqotadigan dori mavjud emas. Dori faqat ayrim hollarda, shifokor koʻrsatmasi bilan qoʻllanadi.

Igna bilan davolash yordam beradimi?

Uning tinnitusdagi samarasi isbotlanmagan, shuning uchun tavsiya etilmaydi.

Savolingiz boʻlsa, 1385 raqamiga qoʻngʻiroq qiling.

Shuningdek oʻqing

Maslahat uchun yozilish

Bizning mutaxassislarimiz barcha savollaringizga javob berishga va eshitishingiz uchun eng yaxshi yechimni topishga tayyor.

Eshitishingizni tekshirtirishga yoziling

Konsultatsiya bepul. Keyingi qadamni birga tanlaymiz.

1385