Asosiy mazmunga oʻtish
Dushanba–Juma 09:00–18:00 · Shanba 10:00–17:00
1385
Maqolalarga qaytish
Eshitish moslamalari haqida📄 Maqola

Eshitish moslamasini taqqanda oʻz ovozim nega boshqacha eshitiladi?

Eshitish moslamasini taqqanda oʻz ovozingiz boʻgʻiq yoki gʻalati eshitilsa, bu okklyuziya effekti boʻlishi mumkin. Sababi va yechimlari haqida oʻqing.

Ikki ayol uyda suhbatlashmoqda

Eshitish moslamasini taqqanda oʻz ovozingiz boʻgʻiq yoki gʻalati eshitilsa, bu okklyuziya effekti boʻlishi mumkin. Sababi va yechimlari haqida oʻqing.

Eshitish moslamasini endi taqa boshlagan inson yangi tovushlarga koʻnikishi uchun vaqt kerak boʻladi. Miya uzoq vaqt eshitmagan tovushlarini qaytadan tanib olishni oʻrganadi. Mutaxassis tavsiyalariga amal qilinsa, bu davr odatda bir necha hafta davom etadi. Uning qancha choʻzilishi yoshga va inson eshitish pasayishi bilan moslamasiz qancha yurganiga bogʻliq.

Shu davrda koʻpchilik bitta holatni sezadi: oʻz ovozi gʻalati, boʻgʻiq, xuddi boʻsh idish ichidan chiqayotgandek eshitiladi. Bu okklyuziya effekti deb ataladi. Ayrim insonlar aynan shu noqulaylik sababli moslamani taqmay qoʻyadi, holbuki uni bartaraf etish yoʻllari bor.

Okklyuziya effekti nega paydo boʻladi

Koʻp hollarda quloq qolipi eshitish yoʻlini zich yopib turadi. Siz gapirganingizda ovozingiz hosil qilgan tebranishlar quloqdan tashqariga chiqa olmaydi va ichkarida qoladi. Natijada past chastotali tovushlar ortiqcha kuchayib, quloqda yengil guvillash seziladi. Oʻz ovozingiz oʻzgargandek tuyulishining sababi shu.

Xuddi shu sababdan yurganda yoki ovqat chaynaganda tanangizdan chiqadigan tovushlar ham odatdagidan balandroq eshitilishi mumkin.

Moslamadan voz kechish kerakmi

Yoʻq. Okklyuziya effekti moslama sizga mos emasligini bildirmaydi, u koʻpincha sozlash va qolipni moslash bilan hal qilinadi.

Qolipdagi havo teshigi. Quloq qolipida kichik havo teshigi ochilsa, ovoz tebranishlari eshitish yoʻlidan tashqariga chiqadi va noqulaylik kamayadi. Teshik qancha katta boʻlsa, oʻz ovozingiz shuncha tabiiy eshitiladi. Bu usul quloq ichi moslamalarida har doim ham qoʻl kelmaydi, chunki ularda bunday teshik uchun joy kam.

Sozlash. Oʻz ovozingiz boshidanoq bezovta qilsa, buni birinchi sozlash paytidayoq mutaxassisga ayting. Koʻp hollarda muammo sozlamalarni oʻzgartirish bilan hal boʻladi. Moslashish davrida qoʻshimcha sozlash uchrashuvlari oʻtkazilishi odatiy hol, ular tovushni sizga qulay holatga keltirishga yordam beradi.

Acoustic'dan olingan moslama kafolat davomida bepul sozlanadi va buni istalgan filialimizda qilish mumkin.

Ochiq taqish usuli

Yana bir yechim eshitish yoʻlini toʻliq yopmaydigan juda kichik uchlikli moslamalardir. Uchlik quloq kanalida erkin turadi, ovoz tebranishlari esa tabiiy ravishda tashqariga chiqib ketadi.

Bu usul hammaga ham mos kelmaydi. U odatda yengil va oʻrta darajadagi eshitish pasayishida qoʻllanadi. Sizga qaysi variant toʻgʻri kelishini mutaxassis eshitishni tekshirgandan keyin aytadi.

Nimani yodda tutish kerak

  • Oʻz ovozingiz boshqacha eshitilishi moslashish davrida koʻp uchraydigan holat.
  • Noqulaylikka chidab yurmang va moslamani tashlab qoʻymang, mutaxassisga ayting.
  • Qolip yoki moslamani oʻzingiz oʻzgartirishga urinmang.

Savol-javob

Oʻz ovozim gʻalati eshitilishi qancha davom etadi?

Bu har kimda har xil. Koʻpchilikda moslashish davri bilan birga oʻtib ketadi, oʻtmasa, qayta sozlash yordam beradi.

Qolipdagi teshikni oʻzim kattalashtirsam boʻladimi?

Yoʻq. Qolipga oʻzingiz ishlov bersangiz, u shikastlanishi va moslama hushtak chala boshlashi mumkin. Buni mutaxassis bajaradi.

Quloq ichi moslamasida ham shunday boʻladimi?

Ha, boʻlishi mumkin. Bunday moslamalarda havo teshigi uchun joy kam, shuning uchun yechim asosan sozlash orqali qidiriladi.

Bu holat eshitishim yomonlashayotganini bildiradimi?

Yoʻq. Okklyuziya effekti eshitish yoʻli yopilishi bilan bogʻliq, eshitish holatining oʻzgarishi bilan emas.

Moslamangizni qayta sozlatish uchun sizga yaqin filialni acoustic.uz/branches sahifasidan toping.

Shuningdek oʻqing

Maslahat uchun yozilish

Bizning mutaxassislarimiz barcha savollaringizga javob berishga va eshitishingiz uchun eng yaxshi yechimni topishga tayyor.

Eshitishingizni tekshirtirishga yoziling

Konsultatsiya bepul. Keyingi qadamni birga tanlaymiz.

1385